Iyunda O‘zbekiston iste’mol bozoridagi mahsulotlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha darajasi 2,7 foizga pasaydi, deya xabar qildi Markaziy bank. Pasayish eng avvalo mavsumiy omillarga, aynan olganda — oziq-ovqat mahsulotlarining an’anaviy arzonlashuvi bilan bog‘liq.

Ayni paytda, agarda meva va sabzavotlar narxlari hisobga olinmasa, u holda narxlar o‘rtacha 0,8 foizga oshgani ko‘rinadi. Pomidor (66,7 foiz), bodring (52,6 foiz), kartoshka (45,7 foiz) va olma (35,8 foiz) arzonlashuvi narxlarning umumiy darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Mavsumiylik kasb etmaydigan qator oziq-ovqat mahsulotlari narxida esa o‘sish kuzatildi. Mosh 14,8 foiz, guruch — 13,7 foiz, grechka — 9 foiz, ma’danli suv — 8,2 foiz, shakar — 2,4 foiz, qo‘y go‘shti — 2,1 foiz va mol go‘shti — 1,7 foizga qimmatlashdi.

Go‘sht, guruch va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importining ortishi ular narxining barqarorlashuviga olib kelishi mumkin, deya qayd etadi MB.

So‘mning ayriboshlash kursining mustahkamlanishi va chegaradosh respublikalar bilan tashqi savdoning liberallashayotgani nooziq-ovqat mahsulotlar narxining barqaror bo‘lishini (pasayish — 0,7 foizga) ta’minlamoqda

Iyunda xizmatlarning 1,4 foizga qimmatlashuvi asosan stomatologik xizmatlarning 13,1 foizga, shahar transportida yo‘l kiraning 11,6 foizga va yuklarni avtomobilda tashish xizmatlarining 3 foizga qimmatlashuvi bilan bog‘lanmoqda.