Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni 26 iyun sanasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunni imzoladi. Qonun seshanba kuni «Narodnoye slovo» gazetasida e’lon qilindi.

Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga qilgan tashrifi chog‘ida, 30 aprel kuni imzolangan edi.

Senat matbuot xizmatining oldinroq bergan xabariga ko‘ra, ekstraditsiya shartnomasi jinoyat sodir etilgani uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ta’minlash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi va ikki mamlakat o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikning samaradorligini oshirishga yordam beradi.