2 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekdi. Qonun matni «Xalq so‘zi» Online nashrida e’lon qilindi.

Oliy Majlis Senatining 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 15-yalpi yig‘ilishida «Jamoat joylarida chilim va sigaret chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullagani haqida «Gazeta.uz» muxbiri xabar bergandi.

Belgilab qo‘yilganidek, ushbu qonunning maqsadi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Mazkur qonun fuqarolarning sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi (3 oktyabrdan — tahr.). Mazkur qonun talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari tomonidan vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar esa belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Shunday qilib, chilim va elektron sigaretalarni:

  • statsionar savdo ob’ektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
  • kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
  • klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
  • muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;
  • mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
  • yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
  • aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
  • sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;
  • ish joylari bo‘lgan xonalarda;
  • ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
  • xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi.