Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev bekatlardagi do‘konlarni yopishni taklif qildi. O‘zAning xabar qilishicha, u ushbu taklifni yoshlar bilan uchrashuvda ilgari surdi.

Yoshlar vakillaridan birining poytaxtda joylashgan bekatlarda yoshlar kutubxonasi, wi-fi hududlari va boshqa imkoniyatlarga ega kichik yoshlar markazi tashkil etish loyihasini tinglar ekan, bekatlar buning uchun eng maqbul joy emasligini aytib o‘tdi.

«Bekat transportlar, avtobuslar to‘xtashi uchun. Ko‘pchilik „do‘kon“ qurmoqda natijada mashinalar to‘xtab, jamoat transportlari harakatiga xalaqit qilmoqda. Yaqin kunlarda bekatlarda do‘kon bo‘lmaydi. Bekat bekatligicha qoladi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shahar hokimiyatining «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror puxtalik bilan o‘rganilib, Toshkent aholisi bilan muhokama etilganidan so‘ng qabul qilinadi.