O‘zbekiston Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston milliy simfonik, kamer va xalq cholg‘u orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda «Turkiston» san’at saroyi bazasida Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Davlat filarmoniyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar qildi.

Prezidentning 27 iyundagi qarori asosida tashkil etilgan filarmoniyaga mamlakatda musiqa va raqs san’atini rivojlantirish vazifasi yuklatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi akademik va xalq badiiy jamoalari birlashmalari direksiyalari bazasida filarmoniyaning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Quyidagilar filarmoniyaning asosiy vazifalari sifatida belgilandi:

  • lektoriyalar, konsert va musiqiy-ma’rifiy faoliyat orqali aholining musiqa va raqs san’atiga bo‘lgan ma’naviy ehtiyojini qanoatlantirish;
  • musiqa va raqs san’ati sohasida ijodkorlarning sermahsul faoliyati uchun sharoitlar yaratish;
  • O‘zbekiston va xorijda musiqa va raqs san’ati yutuqlarini targ‘ib etish;
  • Davlat filarmoniyasi repertuarini eng yaxshi milliy va xorijiy mumtoz asarlar namunalari bilan to‘ldirish;
  • aholining barcha qatlamlarini madaniy hayot sohasiga jalb etish uchun konsert tadbirlari ommabopligini ta’minlash;
  • musiqiy va raqs jamoalari hamda ijrochilarining badiiy va professional mahoratini oshirish.

Davlat filarmoniyasi Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi 2-uy binosiga joylashtiriladi.