Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev 28−29 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston 2035» xalqaro forumida vazirlikning qisqa muddatli strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Ustuvor vazifalar qatorida u ayniqsa yaqinlashib kelayotgan paxta kampaniyasi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat migratsiyasi jarayonini tartibga solish, mehnat muhofazasini kuchaytirish, tahliliy ma’lumotlarga va Xalqaro mehnat tashkilotining ratifikatsiya qilingan konvensiyalariga yangicha yondashuv bo‘yicha chora-tadbirlarni sanab o‘tdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, forumda dunyodagi yirik auditorlik kompaniyalaridan biri hisoblangan KPMG bilan vazirlik o‘rtasida kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, vazirlik Buyuk Kelajak ekspertlik kengashining bir yoki bir necha vakillarini vazirning shtatsiz maslahatchisi lavozimiga jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

«Biz xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilishga ochiqmiz. Ularning ko‘pchiligida O‘zbekiston mehnat va bandlik sohasini isloh qilish va rivojlantirish doirasida biz foydalanishni xohlagan noyob tajribalar mavjud», — dedi vazir Sherzod Kudbiyev.