O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat yoshlarini 20 iyun kuni ilk bor nishonlanayotgan Yoshlar kuni munosabati bilan tabrikladi.

Davlat rahbari yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

Prezident Yoshlar ittifoqi faoliyatining bir yilligi yakunlari bo‘yicha fikr bildirar ekan, ushbu tashkilot mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qiladigan muhim ijtimoiy tuzilmaga aylanganini aytib o‘tdi.

«Shu asosda yosh avlodimizning grajdanlik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda», — dedi prezident.

Yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan 4 ming 300 ga yaqin yigit-qizlarga banklar tomonidan 216 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi, 184 ming 300 dan ziyod yoshlar ish bilan ta’minlandi. «Bu borada yosh, istiqbolli kadrlar uchun tajriba va mahorat maktabini o‘tayotgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi saflarida toblangan, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga, yetakchilik salohiyatiga ega bo‘lgan ko‘plab yoshlar vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va banklar, xo‘jalik birlashmalariga mas’ul lavozimlarga tayinlanayotgani hayotimizga yangicha ruh va mazmun bag‘ishlamoqda», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev ittifoq faoliyatidagi kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tar ekan, afsuski, yoshlarimiz hayotidagi katta-kichik har bir muammoga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topish, yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yo‘q, dedi.

«Biz barchamiz endigina bir yillik shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tezroq ulg‘ayishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida, yoshlarimiz hayotida o‘zining mustahkam va munosib o‘rnini topishini istaymiz va buning uchun zarur amaliy yordam berishga tayyormiz», — dedi prezident.

«Yoshlarimizning hayotiy muammolariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, ularga mos bo‘lgan zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham barcha darajadagi davlat idoralarining eng asosiy, hal qiluvchi vazifasi bo‘lib qoladi», — deya davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.

Tabrikda qayd etilishicha, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochish bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor etmoqda. «Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, „ommaviy madaniyat“ kabi tahdidlar qancha-qancha oilalar, mamlakatlar boshiga og‘ir kulfatlar olib kelmoqda, g‘arazli kuchlar hali ongu tafakkuri to‘la shakllanib ulgurmagan bolalarni o‘z ota-onasi, Vataniga qarshi qo‘yib, ularning hayotiga zomin bo‘lmoqda».

Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigi yakunida: «Sizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda o‘z mustahkam o‘rningizni topishingiz, baxtli bo‘lishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz», — dedi.

«Siz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizdan faqat bitta iltimosimiz, bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hormang, charchamang!» — deya ta’kidladi prezident.