Toshkentdagi Qo‘yliq bozori yaqinida bir martalik yollanma mehnat bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar bilan Sayyor qabul tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Xotin-qizlar raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Mazkur Sayyor qabul O‘zbekiston prezidentining «Xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida «Bizning jamiyatda har bir ayol davlat himoyasidadir!» shiori ostida o‘tkazildi.

Sayyor qabul tashkil qilinishidan oldin hafta davomida mazkur norasmiy shoxobchada asosan Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatidan kelib vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 150 nafardan ortiq xotin-qizlarning har biri bilan alohida suhbat olib borilib, ularning muammolari o‘rganildi.

Suhbatlar natijasida quyidagi asosiy muammolar aniqlandi:

  • ishsizlik;
  • uy-joyining yo‘qligi;
  • turmushidan ajralgani va boquvchisining yuqligi;
  • norasmiy nikohlar;
  • ayrim ayollarda fuqarolik pasportining mavjud emasligi.

Sayyor qabul davomida 112 nafar ayollarning muammolari o‘rganildi. Bir kunning o‘zida 67 nafar ayolning muammolari bartaraf etildi.

Ma’lum bo‘lishicha,ularning aksariyati o‘z hududlaridagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilishgan va muammolari o‘z yechimini topmagan. Shu tufayli muammolarini hududlarda hal bo‘lishiga ishonchsizlik paydo bo‘lgan. Muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va viloyat Xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari, IIB xodimlari, DSQ, Bandlikka ko‘maklashish markazi, Sog‘liqni saqlash bo‘limlaridan vakillar jalb qilindi.

Tadbir doirasida ishsiz yurgan, qo‘lida hunari yo‘q qizlarga ma’lum yo‘nalishda hunar o‘rgatish va ularni qo‘shimcha daromad topa olishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida ularni zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Sayyor qabul Toshkent shahrining Sergeli, Olmazor tumanlarida va Toshkent viloyatida ham reja asosida o‘tkaziladi.