Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Pamela Spratlen O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda. Bu haqda diplomat 29 iyun kuni AQSH mustaqilligining 242 yilligiga bag‘ishlangan qabul marosimida ma’lum qildi. Mazkur kechada O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.

Pamela Spratlen o‘z nutqida: «Men uch yil avval kelgan mamlakatdan bugun ancha farq qiladigan O‘zbekistonda turib sizga murojaat qilmoqdaman. Shu asnoda bu on men uchun ham quvonchli, ham ma’yus ondir. Chunki ko‘pchiligingizga ma’lum bo‘lgani kabi, ajoyib tarzda o‘tgan uch yarim yildan keyin bu tadbir AQSHning O‘zbekistondagi elchisi sifatida men ishtirok etadigan ehtimol oxirgi rasmiy tadbirlarning biridir», — dedi.

AQSH prezidenti Donald Tramp AQSHning Toshkentdagi elchisi lavozimiga 2014 yildan buyon AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Daniyel Rozenblyum nomzodini ilgari surdi. Nomzod AQSH Senati tomonidan tasdiqlanishi lozim.