Umidjon Zokirjonovich Salimov «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruv raisining rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi Telegram-kanalida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgustidan yaqin vaqtga qadar Umidjon Salimov «O‘zavtosanoat» rahbari edi. 26 iyun kuni mamlakatda avtomobil sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqov kompaniya raisi etib tayinlandi.

Yig‘ilishda prezident hukumat va «O‘zavtosanoat» rahbariyatiga avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, zamonaviy avtomobillarni ishlab chiqarishni kengaytirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish, sotish tizimini yaxshilash va korrupsiyaga barham berishni topshirdi.