O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyun kuni Samarqandda «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universitetini ochish haqidagi qarorga imzo chekdi. Oliy o‘quv yurti professional kadrlar tayyorlaydi va xalqaro turizm sohasida ilmiy-tadqiqot hamda ijodiy ishlarni amalga oshiradi.

Universitetni Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlarining yordamida tashkil etish haqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni SHHTning Sindaodagi sammitida aytib o‘tgandi.

Universitet Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi hamda qo‘mita raisi ayni vaqtda universitetning bosh menejeri hisoblanadi.

Universitet professor-o‘qituvchilarining tarkibi to‘liq shakllantirilgunga qadar rektor oliy o‘quv yurtining Vasiylik kengashi tomonidan saylanadi. Keyinchalik esa universitet ustavida belgilanadigan tartibda professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan yopiq ovoz berish orqali saylanadi.

Universitetda o‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili: birinchisi — ingliz (fransuz, nemis) tili, ikkinchisi — Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri o‘qitiladi.

2018/2019 o‘quv yilida universitet bakalavriatiga kontrakt stavkalari bo‘yicha qo‘shimcha qabul qilish imkoniyati bilan, 125 kishi, jumladan, davlat grantlariga ko‘ra 42 kishi etib belgilandi.

Chet el fuqarolari test topshirmaydi. Ular universitet bakalavriatiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat o‘tkazish orqali to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Universitetga istisno tariqasida, ilg‘or tajribani va o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyasini inobatga olib ta’lim standartlari, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari, shuningdek, talabalar bilimlarini baholash tizimini mustaqil ravishda ishlab chiqish va universitet Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda tasdiqlash, professor-o‘qituvchilar tarkibining faoliyat turlari bo‘yicha vaqt me’yorlarini belgilash huquqi berildi.

Oliy o‘quv yurti abituriyentlarni sirtqi va kechki bo‘limlarga o‘qishga qabul qilishi mumkin.
Universitet uchun kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha bir o‘qituvchiga talabalar sonining nisbiy normativi 1:8 etib belgilanadi.

Universitet tarkibida turizm sohasidagi Innovatsiya markazi va Axborot texnologiyalari markazi ham bo‘ladi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball beriladi va kelgusida ular ushbu fanlar bo‘yicha test sinovlaridan ozod qilinadi.

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining «Mehmonxona xo‘jaligini tashkil qilish va boshqarish» hamda «Turizm (faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan) «ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat va magistraturaga qabul tugatiladi.

Universitetda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi qo‘llaniladi.