O‘zbekistonda transport oynalarini qoraytirishga pul to‘lanishi evaziga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda. Hukumatning bu haqdagi qarori jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Mazkur qaror «transport vositalari haydovchilariga, jumladan respublika hududiga kirgan sayyohlarga qulay sharoit yaratish, shuningdek, oynasi qoraytirilgan transport vositalari harakatini tartibga solish"ga qaratilgan.

Mazkur hujjatda avtomobil orqa oynasining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 5 foizdan kam bo‘lmasligi, orqa o‘rindiqning yon tomonlaridagi oynalarning yorug‘lik o‘tkazuvchanligi esa 30 foizdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. Oynani qoraytirishi vositasi (tonirovka)ni o‘rnatish IIV qoshidagi Innovatsion loyihalar va aholiga xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan davlat standartiga binoan ishlab chiqariladi.

Tonirovka uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining bo‘limlari tomonidan ruxsat olinishi kerak va u bir yil muddatga beriladi.

Yengil transport vositalari old oynasining yuqori qismida kengligi 14 santimetrdan oshmagan 30 foizdan kam yorug‘lik o‘tkazuvchi chiziqlarni o‘rnatishga ruxsat talab etilmaydi.

O‘z navbatida tonirovkani o‘rnatishga ruxsat olish uchun to‘lovlar stavkasi jismoniy shaxslar uchun eng kam ish haqining 90 barobari (15,5 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun esa EKIHning 120 barobari (20,6 mln so‘m) miqdorida belgilanishi mumkin. Xorijiy mamlakatlarga tegishli yuridik shaxslari uchun esa EKIHning 140 barobari (24,1 mln so‘m) miqdorida to‘lov belgilanishi kutilmoqda.

IIV tomonidan tayyorlangan hujjatga ko‘ra, to‘lovlardan tushadigan pullarning 92 foizi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirilishi maqsadida mahalliy byudjetlarga yo‘naltiriladi. 8 foizi esa moddiy-texnik bazani rivojlantiruvchi maxsus fondning rivojlanishiga, IIV xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va tonirovkani o‘rnatish bilan bog‘liq vazirlikning boshqa xarajatlari, shuningdek moddiy-texnik bazani rivojlantirish va DYHXX xodimlarini ijtimoiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston hududiga kirgan va tranzit orqali o‘tib ketadigan xorijiy davlatlarga tegishli transport vositalarining oynasi qoraytirilgan bo‘lsa, ulardan 15 AQSH dollari miqdorida pul undiriladi. Bu mablag‘ davlat byudjetiga tushadi hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish yo‘lida sarflanadi.

Davlat tashkilotlari (tasdiqlangan hujjatga ko‘ra)ga tegishli xizmat avtomobillariga oynani qoraytirishga ruxsat berish va tonirovkani o‘rnatish bepul amalga oshiriladi.

Shu bilan bir qatorda avtomobillarga ruxsatsiz tonirovka o‘rnatganlarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni yanada qat’iylashtirish kutilmoqda.