O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi 1245 nafar xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qildi, deya xabar berdi DSQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. bu Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi tugatilgani bilan bog‘liq.

Boshqarma faoliyatini tugatish O‘zbekiston prezidentining 26 iyundagi davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur qaror korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida qabul qilindi.

Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda DSQ raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Musayevning 26 iyundan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish maqsadida barcha turdagi soliq tekshiruvlarini o‘tkazishni taqiqlash, hatto tadbirkorlik sub’ektlari bilan muloqotga chiqishni ham maxsus ko‘rsatma yuborilganiga qadar taqiqlash haqidagi topshirig‘i e’lon qilingan edi. Matbuot xizmati mazkur topshiriqning to‘g‘ri ekanini tasdiqladi.

«Biz korrupsiya holatlari bo‘lmasligi, ishdan bo‘shatilgan xodimlar tadbirkorlar bilan muloqotga chiqmasligi uchun barcha tekshiruvlarni to‘xtatdik. Sobiq xodimlar tadbirkorlar bilan muloqot qilishi mumkin, ularni yarim yil-bir yil hech kim tekshirmaydi. Shuning uchun biz rasman hech kim tadbirkorlarni tekshirishi va ular faoliyatiga aralashmasligini rasman e’lon qildik», — deya ma’lum qildi DSQ matbuot xizmati.

Qo‘mita barcha tadbirkorlarni o‘zini soliq organlari xodimi deb tanishtirgan va tadbirkorlik faoliyatiga aralashgan, pul talab qilgan yoki «homiylik» qilishga va’da bergan shaxslar uchragan taqdirda, (+99871) 244−98−98, 244−98−00, 244−98−71 telefon raqamlariga yoki 1198 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirdi.