O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov payshanba kuni Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida prokuratura organlarining 2017 yilgi faoliyati bo‘yicha hisobot berdi. «Gazeta.uz» uning chiqishdagi asosiy gaplarni keltirib o‘tadi.

Bosh prokuratura rahbarining ta’kidlashicha, tekshiruv tadbirlari davomida 51,2 ming holatda tadbirkorlar huquqlari buzilganligi, jumladan 57 ta noqonuniy aralashuv va 53 ta noqonuniy tekshiruv o‘tkazilganligi, shuningdek, 752 ta holatda noqonuniy qaror chiqarilgani aniqlandi. 49,8 ming kishining va 2700 tadbirkorlik sub’ektining huquqlari tiklandi.

Qonun buzilishlarining katta qismi soliq organlariga tegishli — 19542 ta holat, hokimiyatlar — 4358 ta holat, xususiy banklar — 1397 ta holat, Yer rusurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi — 1234 ta holat va arxitektura organlari 964 ta holat.

Bular yuzasidan 252 ta holatda jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jumladan bank xodimlariga nisbatan 68, elektr tarmog‘i bo‘yicha 32, gaz organi bo‘yicha 15, hokimiyat bo‘yicha 10, Yer rusurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va arxitektura organlari xodimlari ustidan 16 ta ish ochildi.

Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab rahbarlar hali hamon ishlash uslubini o‘zgartirmagan va eskicha fikrlashdan voz kechmagan, deya ta’kidladi bosh prokuror.

Tadbirkorlar huquqlari ta’minlanishini kuchaytirish, tadbirkorning erkin faoliyat yuritishida qonun kafolatlarini ta’minlash maqsadida tuman va shahar prokuraturalarida 386 ta shtat birligida prokuror o‘rinbosari va yordamchisi lavozimlari tashkil etildi, deya ta’kidladi u.

Qonunga amal qilish yuzasidan qishloq xo‘jaligida islohotlarning amalga oshishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida fermer xo‘jaliklariga 51,3 milliard dollar miqdorida kredit olishi, 9,9 milliard so‘m oylik maoshlar, 5,8 milliard so‘m miqdoridagi debitorlik qarzlarini tiklash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi. Shuningdek, 375 ta fermer xo‘jaligiga ro‘yxatga olish va bankda hisobraqam ochishga ko‘maklashildi.

15,5 ming gektar noqonuniy ravishda foydalanilgan yerlar zaxira jamg‘armasiga qaytarildi, sug‘orish va meliorativ tadbirlarga ajratilgan 114 million so‘m, 61,8 milliard so‘mlik ish haqi, kreditlar va boshqa to‘lovlar uchun mo‘ljallangan pullar o‘zlashtirilgani aniqlandi. Jinoyatga qo‘l urganlar javobgarlikka tortildi.

155,6 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklandi, prokuraturaga yozilgan ariza asosida 9,3 mingta noqonuniy qaror bekor qilindi. Shuningdek 18,5 mingdan ortiq qonun doirasidagi qarorlar qabul qilindi, 223 milliard so‘mlik zararni qoplash uchun sudga 25 mingta ariza kelib tushdi.

Otabek Murodovning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarning murojaatlariga beparvo va mas’uliyatsiz ravishda munosabatda bo‘lish odamlarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi mumkin.

U misol keltirdi: Toshkentning Sergeli tumanida yashovchi 100 dan ortiq kishi 11 yil davomida mulkka egalik huquqi yo‘qligi sababli propiskasiz yashab kelgan.

Bosh prokuror yaratilgan ish joylari va hisobotlarni soxtalashtirish hollari hamon mavjudligini afsus bilan tilga oldi. «Ba’zi rahbarlar kimni aldayotganligini tushunishmaydi», — deya ta’kidladi u.

2017 yilda jinoyatchilik soni 15 foizga pasaydi, joriy yilning besh oyida esa 40 foizga. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik 16 foizga — 2059 dan 1727 ga pasaydi.

Idoralararo tuzilgan operativ-tergov guruhi 5187 jiddiy va o‘ta og‘ir jinoyatlarni aniqladi, 10 dan ortiq jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yildi, so‘nggi yillarda berkitilgan 25 ta qotillik aniqlandi.

«Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 2010 yilda 7 yoshli Muhammadjonov, 2014 yilda 9 yoshli Umrzoqov, 2017 yilda 3 yoshli Saidg‘aniyev izsiz yo‘qolgan. Biroq tuman va viloyat huquq-tartibot organlari bu holatlarga e’tibor bermagan, tuman prokurori esa hatto ish ochishni rad etgan. Jinoyatchilik aniqlandi — fuqaro Otaboyev ularni o‘ldirgan va ularni o‘zining hovlisiga ko‘mgan. Tuman prokurori ishdan bo‘shatildi. Hozir uni javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilmoqda», — dedi Otabek Murodov.

«Biz endilikda jinoyat va jazoni aniqlash orqali qonunning bajarilishini ta’minlaymiz. Biz tizimli kamchiliklar bilan ishlash hamda ushbu jinoyatlarning oldini olish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolga javob topishni maqsad qildik», — deya ta’kidladi Otabek Murodov.

Bosh prokuratura o‘tgan yili erishilgan yutuqlar sifatida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Qoraqalpoq davlat universiteti bilan imzolangan memorandumni tilga oldi.

Shartnomada «Bo‘lajak prokurorlar» klubini tuzish ko‘zda tutilgan. Bosh prokuratura talabalar orasidan bo‘lajak prokurorlarni aniqlaydi. Joriy yilda 400 nafar oliy o‘quv yurti bitiruvchisi prokuratura organlariga ishga joylashadi.

«Men ularning har biri bilan shaxsan gaplashdim. Ularda o‘zgacha dunyoqarash mavjud. Ertaga ular qo‘shimcha ta’lim olib, tuman prokuratura organlarida ishlashi mumkin», — dedi Otabek Murodov.

U ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsion muammolarni tilga oldi. «Qanchalik qiyin bo‘lmasin, buni tan olish kerak. Xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi mansabdor shaxslarga nisbatan 294 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bunday jinoyatlarning aksariyati o‘g‘rilik, poraxo‘rlik va lavozimini suiste’mol qilish bilan bog‘liq», — dedi bosh prokuror.

Otabek Murodov shuningdek, o‘tgan yili 727 nafar mansabdor shaxsning ish haqini asossiz kechiktirganligi uchun javobgarlikka tortilganini ham aytib o‘tdi.