Senatorlar to‘y va oilaviy tantanalar, motam marosimlari va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga nisbatan normativ cheklovlarni o‘rnatish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri juma kuni Senatning 15-yalpi majlisidan xabar qildi.

Senatorlarning fikricha,to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni ixcham va kamxarj qilib o‘tkazish uchun qattiq me’yorlarni o‘rnatish emas, balki fuqarolarning ongli ravishda qaror qabul qilishlariga erishish lozim. Buning uchun aholi o‘rtasida axborot kampaniyasi imkoniyatlaridan foydalanish, shaxsiy namuna ko‘rsatish va namunali tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

«Xalqning xohishi shunday. Ko‘pchilik fuqarolar shusiz ham ixcham va kamxarj to‘y o‘tkazishmoqda. Odamlar bilan suhbatlarda ularning yuraklari va ko‘zlaridagi ishonchni, ertangi kunga ishonchni, oila tinchligi va farovonligiga bo‘lgan ishonchni ko‘rdik», — dedi senator Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Ayrim fuqarolar qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilar gap-so‘zlaridan qo‘rqib isrofgarchilik va xashamdorlikka qo‘l urishi mumkin. Ammo O‘zbekistonning har bir fuqarosi oilaviy tadbirlar milliy an’analar hisobga olinib, tejamkor va ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazilishi kerakligini tushunib olishi lozim, deb hisoblaydi Senatdagilar.

Martda Senat to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi qaror loyihasini muhokama uchun e’lon qilgan edi. Hujjatda to‘y-hashamlarni soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlarini soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkazish, soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilingan. Unga ko‘ra, to‘y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi. To‘ylarda 2 tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish lozimligi belgilandi.

Senatning avvalgi 14-yalpi majlisida qaror qabul qilinmadi, biroq mamlakatning barcha hududlarida mazkur masala bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tashkil etildi.

Oilaviy marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha marotaba to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan yilning avgustida ziyolilar bilan uchrashuvda shunday degan edi: «Tan olish kerak, to‘ylar va boshqa marosimlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar nafaqat minglab oilalarning iqtisodiy ahvoliga, balki ularning butun hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi».