Xalq ta’limi vazirligi rahbar lavozimlariga xodimlarni saralash boshlangani to‘g‘risida e’lon qildi, deya xabar berdi XTV «Gazeta.uz"ga.

Davlat organi «maktab ta’limini yuksaltirishda aniq takliflarga ega bo‘lgan shijoatli, zamonaviy fikrlaydigan va eng muhimi yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizni rahbar lavozimlarga taklif etadi».

Nomzodlar o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni XTV elektron pochtasiga yuborishlari lozim. Arizalarda ism-sharif, yashash joyi va bog‘lanish uchun ma’lumotlardan tashqari, quyidagi savollarga ham javob berishlari lozim:

«Siz tizimdagi qaysi bo‘g‘inni rivojlantira olaman deb o‘ylaysiz? (vazirlik markaziy apparati bo‘linmalari, viloyat boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari, ta’lim muassasasi rahbarlari lavozimiga);

«Shu lavozimga nega aynan Siz munosibsiz (100 tagacha so‘z)?»

Vazirlik CV yoki shaxsiy ma’lumotnoma hamda 3×4 hajmdagi rasm ham ilova qilinishi kerakligini ma’lum qildi.