Chirchiq poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida o‘tkazilgan birinchi tank biatloni bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ikki bosqichli musobaqaning dastlabki kunida tankda Janubi-g‘arbiy maxsus, Markaziy, Toshkent harbiy okruglari harbiy xizmatchilari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlaridan iborat umumiy uzunligi 4 ming 200 metr bo‘lgan estafeta aylanasi bo‘ylab T-72 rusumli tankda bahslarga kirishdi.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar chuqurligi 1 metr 20 sm va uzunligi 25 metr bo‘lgan suvli to‘siqdan o‘tib, balandligi 7 metr va uzunligi 25 metr bo‘lgan «qo‘rg‘on"dan oshib o‘tdi. Shuningdek, tankka qarshi minalashtirilgan hudud, qiyin vaziyatlardagi harakatlar, maxsus ko‘prik — eskarp va boshqa murakkab to‘siqlardan o‘tgan ishtirokchilar, o‘t ochish marrasida harakatlanmaydigan nishonlarni mo‘ljalga oldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi ikkinchi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Tank biatlonining ikkinchi bosqichida Mudofaa vazirligi harbiy okruglari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtidan olti jamoa T-62 tankida bahslarga kirishdi. Bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining ikki jamoasi keyingi o‘rinlarni band etdi.

Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi

Video

Video: Mudofaa vazirligi