2 iyuldan O‘zbekiston Markazi banki 50 (ellik), 100 (yuz), 200 (ikki yuz), 500 (besh yuz) so‘mlik tangalar ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqaradi. MB saytida tangalarning yangi dizayni e’lon qilindi.

Barcha tangalar temirdan nikelli qoplama bilan tayyorlanadi va oq rangga ega. Ular bir xil aylana shaklda bo‘lib, yon tomonlari silliq va diametrlari bilan farqlanadi. Tangalarning orqa tomoni bir xil — markazda O‘zbekiston gerbi tasvirlangan, gerbning tashqi tomoniga doirasimon ko‘rinishda «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI», gerb ostiga esa 2018 yozuvi tushirilgan. Tashqi aylanmasi bo‘ylab 72 ta qavariq sferik nuqtalar tushirilgan.

50 so‘m

Diametr — 18 mm, qalinlik — 1 mm, vazn — 2 g.

100 so‘m

Diametr — 20 mm, qalinlik — 1 mm, vazn — 2,5 g.

200 so‘m

Diametr — 22 mm, qalinlik — 1,1 mm, vazn — 3,3 g.

500 so‘m

Diametr — 24 mm, qalinlik — 1,1 mm, vazn — 3,9 g.

Barcha pul birliklari qatorida muomalaga chiqarilayotgan yangi tangalar barcha xo‘jalik sub’ektlari va aholi tomonidan barcha to‘lov turlarida o‘z qiymatlarida cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Shu bilan birga, ayni paytda muomalada bo‘lib turgan 2001−2002 yillar namunasidagi 50 so‘mlik tanga, 2004 va 2009 yillar namunasidagi 100 va 500 so‘mlik tangalar, shuningdek 1994 yil namunasidagi 50 va 100 so‘mlik banknotalar 2019 yil 1 iyulgacha barcha turdagi to‘lovlar uchun cheklovlarsiz qabul qilinishi shart. Bank kassalariga tushuvchi mazkur qog‘oz pul va tangalar qaytadan muomalaga chiqarilmaydi.

200 va 500 so‘mlik banknotalar yangi namunadagi tangalar bilan bir qatorda 2020 yil 1 iyulga qadar barcha to‘lovlar uchun qabul qilinadi. 2019 yil 1 iyuldan bank kassalariga tushgan bunday nominallar muomalaga qaytadan chiqarilmaydi.