Shahrisabzning tarixiy markazi (Qashqadaryo viloyati) YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatida qoladi. Bu haqdagi qaror shu kunlarda Manamada (Bahrayn) bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 42-sessiyasida qabul qilindi. Sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qilmoqda.

Shahrisabz tarixiy markazini YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarish sessiya kun tartibidagi masalalardan biri edi. 2016 yilda Umumjahon merosi qo‘mitasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan 40-sessiyasida xavf ostida turgan Shahrisabz tarixiy markazini Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan edi.

“Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasining xabar qilishicha, Aziz Abduhakimov o‘z nutqida sessiya ishtirokchilarini Shahrisabz tarixiy markazida olib borilgan ishlar bilan tanishtirib, ular mahalliy aholi hayotini yaxshilash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlab o‘tdi.

Qo‘mita a’zolari O‘zbekiston hukumatining yaqinda qabul qilingan “O‘zbekistonda Umumjahon merosi obyektlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qarori bilan ham tanishtirildi. U Umumjahon merosi qo‘mitasi tavsiyalarini bajarishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan “yo‘l xaritasi"ni ham o‘z ichiga oladi.

“Yo‘l xaritasi” YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Umumjahon meros obyektlari hamda O‘zbekistonning tarixiy shahar landshaftlari hududlarida amalga oshiriluvchi barcha loyihalar bo‘yicha dastlabki ekspertizalar vazifalarni belgilab beradigan xalqaro konsultativ guruhni tashkil etishni ham ko‘zda tutadi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston ham moddiy, ham nomoddiy merosni saqlashni uyg‘unlashtirish yo‘lidan borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Joriy yil boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev har ikki yilda bir marta sentyabr oyining birinchi dekadasida Shahrisabz tarixiy markazida Maqom san’ati bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur tashabbus YUNESKO va 2003 yilgi Konvensiya tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalar jarayonida Aziz Abduhakimov O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatdagi tarixiy obyektlarni saqlab qolish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan qo‘mita a’zolarining ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Debatlar yakunlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari o‘rtasida Shahrisabz tarixiy markazini YUNESKO Umumjahon merosi Ro‘yxatida saqlab qolishni ko‘zda tutuvchi Umumjahon meros qo‘mitasining muqobil qarori loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishga qaror qilindi.

“Qo‘mita a’zolari yakuniy qarorga keldi va mazkur hujjatni qo‘llab-quvvatlandi. Unda mamlakatimizdagi madaniy yodgorliklarni saqlash sohasida O‘zbekistonning YUNESKO bilan faol hamkorlik qilishiga chaqiriq ham o‘rin olgan”, — dedi axborot manbasi.