O‘zbekiston maktablari va tibbiyot muassasalarida mutaxassislar yetishmovchiligi ko‘zga tashlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlisning payshanba kungi 15-yalpi yig‘ilishida yuqori palata rahbari Nig‘matilla Yo‘ldoshev fikr bildirdi.

Har oy tarkibida senator va deputatlar bo‘lgan hududiy komissiyalar mamlakatning 14 tumaniga tashrif buyuradilar. Tuman maktablaridagi ahvol o‘rganilganida rus tili, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, qonunchilik va boshqa muhim fanlar bo‘yicha pedagoglar yetishmasligi aniqlandi.

O‘zbekistonning umumta’lim maktablarida qonun talablariga zid ravishda 66,6 ming nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar ishlab kelmoqda. Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligining bo‘linmalari tomonidan oliy ma’lumot olishni xohlovchi o‘qituvchilar uchun sun’iy to‘siqlar yaratilishi kabi holatlar ham bor.

Senat raisi misol keltirdi. Andijon viloyati Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi Oxunova Andijon davlat universiteti maxsus sirtqi bo‘limiga hujjat topshirmoqchi bo‘lganida asossiz ravishda uning hujjatlari qabul qilinmagani sababli Senatga murojaat qildi. Tekshirish davomida viloyat xalq ta’limi bo‘limi Oxunovaning nomzodi haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergani sababli u o‘qishga qabul qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Senatning aralashuvidan keyingina qabul qilindi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, har bir tumanda 150−200 nafar tor va umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj bor.

Yo‘ldoshev onalar va bolalar o‘limi darajasining yuqori ekanidan xavotir bildirdi. Yil boshidan beri 59 nafar ona va 2267 nafar bola halok bo‘ldi. Surxondaryo, Jizzax, Xorazm, Toshkent viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston va Toshkentda onalar o‘limi soni ko‘paygan. Bolalar o‘limining Qashqadaryo (31) va Surxondaryo (52) viloyatlarida o‘sib borayotgani tashvishga solmoqda, deya ta’kidladi senat raisi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev turli sabablarga ko‘ra uzoq vaqt mobaynida chet elda bo‘lgan fuqarolarning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tmayotganini ta’kidladi. Joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida 162 kishi OIV, 105 kishi sil, 48 kishi teri-tanosil, 6284 kishi boshqa kasalliklarga uchragani aniqlangan.

«Tekshiruvdan o‘tmayotgan boshqa fuqarolarda bunday kasalliklar aniqlanmaydi deb kim kafolat beradi?» — deya savol berdi senator.