O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati payshanba kuni bo‘lib o‘tgan 15-yalpi yig‘ilishida «Jamoat joylarida chilim va sigaret chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Millik tiklanish» Demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlar guruhi tashabbusi bo‘yicha muhokamaga kiritilgan qonun fuqarolar salomatligini chilim va sigaret chekishning zararli ta’sirlaridan hamda ular bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa oqibatlardan himoyalash, shuningdek yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan.

Hujjat chekishga nisbatan qo‘yilgan taqiqlarga qo‘shimcha ravishda chekishga qarshi kurash muhitini shakllantirish va tasdiqlashning tashkiliy va huquqiy asoslarini yaratadi, deya qayd etishdi senatorlar.

Qonunda «chilim», «chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi», «elektron sigaret» kabi tushunchalarga aniqlik kiritilgan hamda chilim va elektron sigaret chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylari ro‘yxati aniqlashtirilgan.

Kutubxonalar, istirohat bog‘lari, yer osti o‘tish joylari, bekatlar, klublar, restoranlar, kafe va boshqalar jamoat joylari hisoblanadi. Tadbirkorlar — muassasalar xo‘jayinlari qonun e’lon qilingan vaqtdan uch oy muddat ichida qonun talablarini bajarishlari lozim.

Qonunda chilim va elektron sigaret reklamasini cheklash va uni chekishni targ‘ib qilishni taqiqlash me’yorlari o‘rin olib, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretlarni chekishni cheklash bo‘yicha choralarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi tuzilmalar va ularning majburiyatlarini belgilab beradi hamda jamoat joylarida chilim va elektron sigaret chekish uchun xona hamda binolar ajratilishini, chilim va chekish aralashmalaridan foydalanish uchun jamoat joylarini taqdim etishni taqiqlaydi.

Senatorlar savollariga javob berar ekan, Vazirlar Mahkamasi departament mudiri Fanil Qodirov qonun loyihasini ishlab chiqishda xalqaro tajriba, jumladan jamoat joylarida chilim chekish taqiqlangan Yevroittifoq, Rossiya va Yaponiya tajribasi o‘rganilganini ma’lum qildi. Kanada, BAA, Avstraliya va Tailandda elektron sigaretlar uchun buyumlarni olib kirish va tarqatishni taqiqlash bo‘yicha yanada qattiqroq choralar ko‘rilgan.

O‘zbekistonda 2012 yil apreldagi qonun bilan jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini chekish taqiqlangan bo‘lsa ham, buning uchun jarima 2015 yil so‘ngiga kelibgina joriy etildi. Aksariyat ko‘pchilik tomonidan mazkur qonun talablariga rioya etilayotgani yo‘q.