Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturi doirasida Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha doimiy aviaqatnovlar ochilishi mumkin. 26 iyun kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi bosh direktori Baxtiyor Hakimov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov ushbu masalani muhokama qildi.

Muzokaralarda «Ziyorat turizmi» dasturi bo‘yicha sayyohlarni jalb qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan sayyohlik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi, deya xabar qildi MAK matbuot xizmati.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2018−2019 yillar qishki navigatsiya davridan boshlab Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga bir marta «O‘zbekiston havo yo‘llari» doimiy qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Reyslar Boeing 767 va Boeing 787 Dreamliner samolyotlarida amalga oshiriladi. Bunda ziyorat turizmi dasturi bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari sayyohlarini O‘zbekistonga jalb qilish uchun Toshkent-Kuala-Lumpur-Toshkent reyslari bilan qulay tranzit reyslarini hisobga olish ko‘zda tutilgan.