O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining payshanba kungi yalpi majlisida «Ekstremizmga qarshi kurashish haqida"gi qonun tasdiqlandi, deya xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonun aholi, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, konstitutsion tuzumni va O‘zbekistonning hududiy daxlsizligini himoya qilish, tinchlikni saqlash, fuqarolar orasida millatlararo va dinlararo hurmatni ta’minlashga qaratilgan.

Qonunni ishlab chiqishda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi. Unda asosiy tushunchalar, ekstremizmga qarshi kurashdagi prinsiplar va asosiy yo‘nalishlar, ushbu sohada faoliyat ko‘rsatuvchi organlar faoliyati va ularning vazifalari, ekstremizmga qarshi kurashish choralari, shuningdek, ekstremistik faoliyatni sodir etganlik uchun javobgarlik ko‘rib chiqildi.

Qonunda ekstremistik tashkilotni tan olish va uni taqiqlash qoidalari ham mexanizmi aniqlashtirildi. Qonunga ko‘ra, tashkilotni ekstremistik deb tan olish va uni zararsizlantirish Bosh prokurorning Oliy sudga beradigan arizasi orqali amalga oshadi.

Senatorlarning chiqishlarida qonunni aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga qarshi murosasizlikni shakllantirish, jinoyatlarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va bartaraf etish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash va xalqaro e’tirof etilgan qoida va standartlarni hayotga tatbiq etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun loyihasi prezident Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotining ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasini amalga tatbiq qilish haqidagi topshirig‘iga binoan ishlab chiqildi.

Majlisda senatorlarga hujjat ishida qog‘ozdan foydalanishni kamaytirish va ularning mehnat samaradorligini oshirish uchun planshet hamda kompyuterlardan foydalanish topshirig‘i berildi.