Yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar reabilitatsiyasi markazlarining samarasiz faoliyatiga chek qo‘yiladi, dedi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov dushanba kuni murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi. Yig‘ilish tafsilotlari haqida O‘zA xabar berdi.

Toshkent IIBB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilish avvalida hujjatsiz, ishsiz va ijtimoiy nafaqalarsiz qolgan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar taqdiriga bag‘ishlangan lavha namoyish etildi.

Po‘lat Bobojonovning ma’lum qilishicha, 2018 yilning besh oyi mobaynida yashash joyiga ega bo‘lmagan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj 5246 nafar shaxs reablitatsiya markazlariga joylashtirilgan bo‘lsa, ularning qariyb 1700 nafari muqaddam sudlangan shaxslardir. 2180 nafarini sog‘lom turmush tarzini butunlay yo‘qotgan, ichkilikbozlikka mukkasidan ketganlar tashkil etadi. 111 nafari esa — qariligi va nogironligi bois mehnatga yaroqsiz kishilar.

Afsuslanarli jihati shundaki, deydi IIV rahbari, ular bilan ishlashda, ish, yashash joyi bilan ta’minlash, ijtimoiy-qo‘llab quvvatlashda ishlar nomiga, ko‘r-ko‘rona olib borilganidir. B uni o‘tgan vaqt mobaynida reabilitatsiya markazlariga olib borilgan shaxslarning faqat 20 nafari davolash muassasalariga joylashtirilgani, qolgani o‘z holiga tashlab qo‘yilganida ham ko‘rish mumkin.

«Bundan keyin bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklarga barham beriladi. Reabilitatsiya markaziga kelgan shaxsning sog‘lig‘ida muammo bo‘lsa, davolashga yotqiziladi, ishga muhtoj bo‘lsa, bandligi ta’minlanadi. Viloyatlardan kelgan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni esa viloyatlarga qaytarib yuborish bilan cheklanilmaydi. Joylardagi mutasaddilar ularning yashash joyini, bandligini qattiq nazoratga oladi», — dedi ichki ishlar vaziri.

IIBB xabarida qayd etilishicha, vazirlik va mahkamalar vakillari, shuningdek ijtimoiy yordam soxasi xodimlariga oldiga bunday shaxslarni ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Bu ishlar ushbu toifadagi barcha fuqarolarni aniqlashdan boshlanishi lozim. Toshkent profilaktika inspektorlariga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni topish, ular shaxsini aniqlash va ularga hujjatlar taqdim etish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ishga joylashishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

IIBB xabariga ko‘ra, yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi bu yerdagi shaxslar uchun yangi yoki yaxshi holatdagi erkaklar va ayollar kiyimlarini topshirish mumkin. Murojaat uchun quyidagi telefon raqami keltirilgan: 290−0475 (boshliq o‘rinbosari Shuhrat Baratov).