O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabrikladi. Takrikni davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qildi.

Shavkat Mirziyoyev milliy media maydonida fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i kengayib, samarali faoliyat ko‘rsatayotgani, internet jurnalistikasi jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi davlat rahbari o‘z tabrigida.

Prezident boshqa sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyati bo‘yicha ham hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tushunishini ma’lum qildi «Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda „to‘rtinchi hokimiyat“ darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi», — dedi u.

Birinchi navbatda, Shavkat Mirziyoyevning fikricha, media tarmoqlari faoliyati samarasini oshirish, ularni xalq bilan muloqotning ishonchli vositasiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish singari dolzarb masalalar doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.

«Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo‘ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta’sirchan so‘zingiz, faol grajdanlik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur», — dedi prezident.

«Haqiqatan ham, har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, o‘zining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan ko‘tarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi ma’naviy jasorat egalarigina qodir bo‘ladi, — deya davom ettirdi u. — Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va iste’dodingizga tayanamiz».

Davlat rahbari ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, soha rivojiga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi, deya ishonch bildirdi.