Soliq xizmati organlariga yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summada so‘zsiz hisobdan chiqarishga ruxsat berildi.

Bu O‘zbekiston prezidentining 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Soliq organlari endilikda soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishlari mumkin.

Bundan tashqari, soliq organlariga soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga chiqqan holda mavzuga oid va ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirishga ruxsat berildi.

Qarorda qayd etilishicha, soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplariga asoslangan davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tashkil etish mazkur organlar oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni hal qilish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligining oshirilishini ta’minlash imkonini bermaydi, o‘z yechimini topmagan sezilarli muammolarning mavjudligi ushbu holatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Ushbu muammolarga soliq ma’muriyatchiligida korrupsiyaviy muhitni shakllantirayotgan, davlat soliq xizmati organlarining deyarli barcha bo‘g‘inlarida xodimlar korrupsiyalashuviga olib kelayotgan sezilarli shart-sharoitlarning mavjudligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanmaslik ham sabab bo‘lmoqda.

Hujjatda davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llash asosiy vazifalar etib belgilandi.

2019 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun yagona soliq to‘lovini, yagona yer solig‘ini, yuridik shaxslardan yer solig‘ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklaratsiya qilinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining «shaxsiy kabineti» orqali xabarnoma yuboradi.

soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik jihatdan ko‘maklashish, shuningdek, hisobotlar va deklaratsiyalarni qabul qilish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga amaliy yordam berish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasining «Respublika axborot-maslahat markazi» va «Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi» davlat unitar korxonalari negizida «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi va uning hududiy markazlari tashkil etiladi.

Davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik, dasturiy va axborot ta’minotini boshqarish, davlat soliq xizmati organlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan hujjatlarni qog‘oz va elektron shaklda markazlashgan holda arxivda saqlash, «call-markaz» maxsus servisi orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish hamda soliq to‘lovchilarni elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish qoidalari bo‘yicha o‘qitish, ularga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini yetkazish uning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida yirik soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, soliq hisobotlarini qabul qilish, kameral nazorat o‘tkazish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish majburiyati yuklatilgan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi hamda davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash va ularning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan Tahlil boshqarmasi tashkil etiladi.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatiladi.

Soliq akademiyasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilinadi. Soliq akademiyasining bakalavriat va magistratura talabalarining o‘qishi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutiga ko‘chiriladi.

DSQga bir oy muddatda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar, yashirilgan soliq solish ob’ektlari, shuningdek, noqonuniy olib kirilgan tovarlar yetkazilishi, saqlanishi va realizatsiya qilinishi, yashirin sexlarni aniqlash yuzasidan tizimli qo‘shma reydlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish topshirildi.