O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida o‘qish, mehnat faoliyati va oilaviy sharoitga ko‘ra shu davlatda bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Elchixonadan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, tadbirda 40 dan ortiq kishi, jumladan Putra universiteti, Islom xalqaro universiteti, Islomiy fanlar universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlarining talaba va o‘qituvchilari, shuningdek, Petronas, Google Malaysia, DataMicron Systems, Consolsys va boshqa kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda turli sohalarda o‘zgarishlar bo‘layotgani haqida fikr bildirildi. Vatandoshlar ta’lim, turizm, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash va innovatsion texnologiyalarga e’tibor bo‘yicha o‘zlarining qarashlarini bildirdilar.

O‘zbekiston fuqarolari vazirliklar va agentliklar vakillari bilan o‘zaro fikr almashish, turli sohalarda hamkorlikning istiqbollari va ularning O‘zbekistonda mehnat faoliyatiga jalb etish bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazishni taklif qildilar.

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov xorijda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi tayyorlanayotganini bildirdi. Unga ko‘ra, chet eldagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning O‘zbekistondagi o‘zgarishlarda faol ishtirok etishlarini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Yana bir muhim tomoni, hujjatdagi «vatandoshlar» tushunchasi O‘zbekiston bilan etnik va til nuqtai nazaridan bog‘liq bo‘lgan boshqa davlat fuqarolarini ham qamrab oladi.