O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan har yili an’anaviy ravishda «Yilning eng yaxshi jurnalisti» tanlovi o‘tkazib kelinadi. Qoidaga ko‘ra, uning g‘oliblari 27 iyun — Matbuot va OAV xodimlari kunida tantanali ravishda taqdirlanadi.

25 iyun kuni Jurnalistlar uyushmasi vakili Nikita Makarenkoga qo‘ng‘iroq qilib, «Yilning eng yaxshi jurnalisti» tanlovida «Internet jurnalistika» nominatsiyasida g‘olib bo‘lganini ma’lum qiladi.

26 iyun kuni Nikita Makarenko marosim taklifnomasini olish va taqdim etishi zarur bo‘lgan hujjatlarni topshirish uchun shaxsan Jurnalistlar uyushmasi idorasiga boradi. Muxbimizga tanlov g‘olibi ekani aytiladi va uni tabriklashadi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 26 iyun kuni 10:00 da tadbir tayyorgarlik vaqtida Nikita Makarenkoning nomi g‘olib sifatida tilga olinadi.

27 iyun kuni Milliy akademik drama teatrida taqdirlash marosimi vaqtida ssenariy o‘zgartiriladi: jurnalistlarga O‘zbekiston prezidenti nomidan orden va medallar topshiriladi. «Yilning eng yaxshi jurnalisti» mukofotini topshirish esa favqulodda Milliy matbuot markazida 15:00 da bo‘lib o‘tishi ma’lum qilinadi.

13:00 da Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov Nikita Makarenkoni o‘z xonasiga chaqirib, u mukofotdan mahrum etilganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hakamlar hay’ati raisi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Shukurov bu haqda qaror qabul qilgan.

U ushbu qaror 27 iyun kuni ertalab marosim boshlanishidan avvalroq qabul qilingani va Jurnalistlar uyushmasi uchun kutilmagan vaziyat bo‘lganini ma’lum qiladi.

«O‘ylaymanki, meni qattiq haqorat qilishdi. Hakamlar meni mukofotlamaslik huquqiga ega edi. Va bu normal holat bo‘lardi. Ammo taqdirlash marosimi kuni ro‘yxatdan o‘chirish kishini g‘azablantiradi va bu shubhasiz, qasddan kamsitish maqsadida qilingan ish. Menga hakamlar hay’ati raisi bo‘lgan davlat amaldori nima sababdan bunday qarorga kelgani noma’lum. Sobirjon Shukurov agentlikning O‘zbekistonda OAVni nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi rasmiy vakili hisoblanadi. Shuning uchun shaxsan menga mustaqil jurnalistlarga bunday tadbirlarda joy yo‘qligi haqida aniq signal berilgandek tuyuldi», — deydi Nikita Makarenko.

Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov hakamlar hay’ati tarkibini nomma-nom aytishga qiynaldi va sodir bo‘lgan holat sabablaridan xabardor emasligini ma’lum qildi. U muxbirga xavotir olmaslikni tavsiya qilib, choy bilan mehmon qildi.