O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26−30-iyun kunlari Toshkent va Samarqandda ilk marotaba Markaziy Osiyo Yoshlar forumi o‘tkaziladi. Bu haqda Yoshlar media markazi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Forumdan maqsad, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishdan iborat.


Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari a’zolari, jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qozog‘istonning «Jas otan» yoshlar qanoti va «Nur otan» partiyasi, Qirg‘izistonning Davlat yoshlari, jismoniy tarbiya va sport sohasi agentligi, Tojikistonning Respublika Hukumati Yoshlar va sport qo‘mitasi hamda Turkmanistonning sport va yoshlar siyosati vazirligi hamda Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti kengashi vakillari ishtirok etadi.

Forum doirasida yoshlar hayotiga bag‘ishlangan ko‘plab mavzularda anjumanlar tashkil etiladi. Jumladan, «Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni», «Markaziy Osiyo mintaqasidagi madaniy hamkorlik», «Yoshlar turizmi — Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy omili», «Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli» kabi mavzularda Markaziy Osiyoning faol yoshlari davra suhbatlari o‘tkaziladi.


Bundan tashqari, tadbirga tashrif buyurgan qardosh xalqlar yoshlari uchun maxsus Yoshlar simfonik orkestrining Madaniyat markazlari delegatsiyasi vakillari bilan birgalikdagi chiroqli musiqiy «3D mapping» namoyish etiladi.

Markaziy Osiyo yoshlar forumi yakunida mamlakatlar o‘rtasida «Qo‘shma hamkorlik 2019−2021» memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda. Yoshlar forumi, mintaqa yoshlari uchun muloqot maydoniga va mamalakatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun platformaga aylanishi kutilmoqda.