O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning besh oyi davomida respublikadagi og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 8,6 ming nafarga yaqin xotin-qizlarga 5 mlrd 873 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Respublika bo‘yicha og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning 50 ming nafardan ziyodroqni, shulardan, og‘ir turmush sharoitida nogironligi bor xotin-qizlar 21205 nafarni, kam ta’minlangan xotin-qizlar 23079 nafarni, ishsiz xotin-qizlar 16145 nafarni tashkil etadi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan ijtimoiy yordamlar soni jami 22369 tani, shundan tibbiy yordam ko‘rsatilgan xotin-qizlar 7 333 nafarni, bandligi ta’minlangan xotin-qizlar 7700 nafarni tashkil etadi.

Hududlar kesimida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar tahlili bo‘yicha Samarqand viloyatida 15151 nafar, Qashqadaryo viloyatida 12844 nafarni tashkil etadi. Bu holat respublika ko‘rsatkichiga nisbatan yuqoridir.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va uy-joyga muhtoj xotin-qizlar jami 7406 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan uy-joy bilan ta’minlangan xotin-qizlar soni 922 nafar, uy-joy olishga tavsiya berilgan xotin-qizlar soni 3417 nafarni tashkil etmoqda.

Hozirda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejasi ishlab chiqilgan hamda hayotga tatbiq etilmoqda, deyiladi xabarda.