«O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi Umidjon Salimov egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqdagi qaror 26 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi ostida O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda qabul qilindi.

«O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturining xabar qilishicha, ishdan bo‘shatilishga faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi qoniqarsiz holat sabab bo‘lgan.

«O‘zavtosanoat"ga avval Bosh prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan Shavkat Umurzoqov rahbar bo‘ldi.

Yig‘ilishda mahalliylashtirish dasturlarining samarasizligi, ishlab chiqarish va eksport hajmining sezilarli darajada kamaygani, soha korxonalarining qarzdorligi va zararlari, shuningdek tizimdagi korrupsiya va firibgarlik to‘g‘risida so‘z bordi.

So‘nggi ikki yarim yil davomida avtomobillar savdosiga oid korrupsiya va firibgarlik holatlari bo‘yicha 99 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, deya xabar qilindi dasturda.

Yig‘ilishda prezident «O‘zsanoat» tizimini sog‘lomlashtirish va qisqa muddatlarda korrupsiyaga barham berishni topshirib, qayerda poraxo‘rlik bo‘lsa, o‘sha yerda o‘sish bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdi.

Davlat rahbari sohaning sog‘lom rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan xodimlarni xalq va davlat manfaatlari uchun ishlashga tayyor yangicha fikrlovchi yoshlar bilan almashtirish bo‘yicha alohida topshiriq berdi, deya qayd etdi Shavkat Umurzoqov intervyuda.

Prezident O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqishga ikki oy muddat berdi.