Jahon chempionati-2018 B guruhi uchinchi turida Ispaniya Marokash bilan durang o‘ynadi, Portugaliya esa Eron bilan o‘yinda g‘alabani qo‘lga kirita olmadi. Hal qiluvchi gollar qo‘shimcha vaqtlarda kiritildi.

Ispaniya 2 : 2 Marokash

O‘yinning 14-daqiqasida marokashlik hujumchi Xolid Butaib farqni ochdi. Oradan besh daqiqa o‘tib ispanlar Iskoning goli evaziga hisobni tenglashtirdi. 81-daqiqada Marokash termasi yana oldinga chiqib oldi, gol muallifi — Yusuf An-Nosir. Qo‘shib berilgan vaqtda ispanlar hujumchisi Yago Aspas o‘z jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Video

YouTube orqali tomosha qilish

Eron 1 : 1 Portugaliya

Birinchi taym yakunlanishi arfasida portugaliyaliklar jamoasi Rikardu Kuarejmaning goli evaziga oldinga chiqib oldi. 53-daqiqada Krishtianu Ronaldu penaltidan gol kiritib, hisobni yiriklashtirishi mumkin edi, biroq eronliklar darvozaboni portugaliyalik zarbasini qaytara oldi. Eronlik forvard Karim Ansarifard esa qo‘shib berilgan vaqtda 11 metrlik masofani aniq zabt etib, hisobni tenglashtirdi.

A guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan Rossiya termasi pley-off raundida qo‘shni guruh g‘olibi — Ispaniya bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Uchrashuv 1 iyul kuni «Lujniki» stadionida bo‘lib o‘tadi.

A guruhida g‘olib bo‘lgan Urugvay termasi esa 1/8 finalda B kvartetida ikkinchi pog‘onani band etgan Portugaliyaga qarshi to‘p suradi.

Marokash (1 ball) va Eron (4) turnirni tark etadi.

Video

YouTube orqali ko‘rish

26 iyun, seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar jadvali:

  • 19:00 Avstraliya — Peru
  • 19:00 Daniya — Fransiya
  • 23:00 Nigeriya — Argentina
  • 23:00 Xorvatiya — Islandiya