25−26 iyun kunlari Toshkentdagi «Poytaxt» biznes markazida «Iqlim qutichasi» — maktab o‘quvchilari uchun «Iqlim o‘zgarishi» mavzusida o‘quv-o‘yin materiallarini taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Seminarda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi, Toshkentdagi maktablar metodist va o‘qituvchilari, O‘zgidromet, «EKOMAKTAB» nodavlat notijorat tashkiloti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet vakillari ishtirok etdi.

BMT Taraqqiyot Dasturi 2014 yilda jamoatchilikning iqlim o‘zgarishlari haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitish maqsadida Yerning ko‘p asrlar mobaynidagi iqlim o‘zgarishlari jarayoni va hozirgi kundagi ahvol tasvirlangan ma’lumotnomani tayyorlagan edi. Qo‘llanma Rossiyaning 157ta maktabida muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tdi. 2015 yilda nashr ingliz tiliga tarjima qilindi va Parijda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Tomonlarning Doirali Konvensiyasi konferensiyasida (COP-21) taqdim etildi.

Ikki kun mobaynida rossiyalik murabbiylar o‘quv qo‘llanmasidan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. «Iqlim qutichasi» tarkibi tanishtirilib, u bilan ishlash xususiyatlari, mustaqil bajarish uchun beriladigan topshiriqlar orqali bolalar bilan muloqotni o‘rnatish usullari ochib berildi.

Shu bilan birga, bilim o‘yinlari, krossvordlar, viktorinalar va kvestlar namoyish etildi, ular o‘yin shaklida materialni yengil o‘zlashtirish va olingan bilimlarni kundalik hayotda qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘llanma dastlab poytaxt va Qoraqalpog‘istonda sinab ko‘riladi. Kelgusida esa qo‘llanmadan yanada kengroq foydalanish uchun tabiiy fanlar o‘qituvchilari va uslubiyatchilari uchun o‘quv seminarlari turkumini tashkil etish rejalashtirilmoqda.