25 iyun kechasi taniqli kino va teatr aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov 80 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda uning oila a’zolari «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Husan Sharipov 1937 yil 27 iyul kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1963 yilda Toshkent davlat teatr-rassomchilik institutini tamomlagan (musiqali drama aktyori). 1959−1991 yillarda Muqimiy nomidagi teatr aktyori, 1986−1987 yillarda ushbu teatr direktori bo‘lib ishlagan. 1995−1997 yillarda O‘zbekiston teatr arboblari raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Husan Sharipov «Chinor ostidagi duel» (1979), «Suyunchi» (1982), «Vodillik kelin» (1984), «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (1985), «Kichkina tabib» (1998) va boshqa filmlarda suratga tushgan.

1991 yil O‘zbekiston xalq artisti unvoni, 1999 yilda esa «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Aktyorning dafn marosimi bugun bo‘lib o‘tadi.