Toshkent IIBB xodimlari bankdan 270 ming dollar pulni o‘marganlikda gumon qilinayotgan shaxsni qo‘lga oldi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati.

25 iyun kuni kunduzi IIBBga O‘zbekiston Milliy banki filiali rahbariyatidan 270 ming dollar pulning o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi xabar kelib tushdi. Hodisa joyiga zudlik bilan tezkor qidiruv guruhi yetib bordi. Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

O‘g‘irlikka aloqador shaxsni aniqlash va o‘g‘irlangan valyuta boyliklarini topishga qaratilgan tergov-qidiruv tadbirlari davomida omborxonaga kirishga ruxsati bor kassa mudiri shubha ostiga olindi. U dushanba kuni ish joyida bo‘lmagan va filial rahbariyatining qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan.

Tezkor qidiruv tadbirlari davomida 1985 yilda tug‘ilgan gumondor shu kuni kechqurun o‘g‘irlangan pullar evaziga sotib olingan kvartirasida qo‘lga olindi. U pul o‘g‘irlaganini tan oldi va pullarni o‘tgan hafta o‘g‘irlaganini ma’lum qildi. U ish kuni tugashi va bankning boshqa xodimlari binoni tark etishini kutib, pullar saqlanuvchi omborxonaga kirish imkoniyati borligidan foydalangan holda 270 ming dollarni o‘mardi.

U o‘z harakatlarini tanishlari, qarindoshlaridan olgan qarzlarini qaytarish, avvalroq kreditga olingan avtomobil to‘lovlarini qoplash maqsadida amalga oshirgani bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarzlari jami 100 ming dollarni tashkil etgan.

Qo‘lga olingan shaxs pulning katta qismini ikki dam olish kuni va dushanbaning birinchi yarmida sarflashga, jumladan o‘ziga kvartira, maishiy va kompyuter texnikalari, oziq-ovqat va boshqa iste’mol tovarlarini sotib olib, qarzlarining ma’lum qismini to‘lashga ulgurganini ma’lum qildi. Tergov davom etmoqda.

Qo‘lga olingan shaxs hamkasblarining ma’lum qilishicha, u — oilaviy kishi, ikki bolaning otasi — avval yomon xulqi bilan ko‘zga tashlanmagan.