24 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda president.uz saytida xabar berildi.

Suhbat boshida davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni Turkiya prezidenti lavozimiga saylangani munosabati bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Turkiya ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.

Davlatlar rahbarlari, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli va ko‘p qirrali hamkorligi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor bildirdilar.

Turkiyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylov byulletenlari 90 foizi hisob-kitoblari yakunlari bo‘yicha prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an (Adolat va rivojlanish partiyasidan) saylovchilarning 53,4 foizlik ovozi bilan yetakchilik qilmoqda.