O‘zbekiston hukumati, Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi va Atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE) atom elektrostansiyasini loyihalashtirish, qurish va undan foydalanish bo‘yicha kelishuv ustida ish olib bormoqda. Bu haqda «O‘zbekenergo» kompaniyasining strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sa’dullayev dushanba kuni elektroenergiya sohasini isloh qilishga bag‘ishlangan konferensiyada «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

AES quvvati 1200 MVtdan bo‘lgan ikkita energoblokka ega bo‘lib, umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lishi kutilmoqda. Stansiya quriladigan joy keyinroq ma’lum qilinadi. «O‘zbekenergo» vakili butun mamlakat bo‘ylab 10 ga yaqin maydon ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Bunda iqtisodiy va elektr energiyasiga ehtiyoj kattaligi nuqtai nazaridan manfaatli joy tanlab olinadi.

«Hozirda AES quriladigan maydon bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Biz energotizimning markaziy qismi (Toshkent qismi), sharqiy qismi (Farg‘ona vodiysi), Samarqand-Buxoro qismi, Surxondaryo qismida (janubiy hududlar) qurishni ko‘rib chiqmoqdamiz. Aslini olganda barcha hududlarda AES qurilishi bo‘yicha texnik imkoniyatlar mavjud, biroq maydonchani, shu jumladan muhandislik inshootlarini diqqat bilan o‘rganish, tabiiy gaz, elektr tarmoqlari, temir yo‘l va boshqalar bo‘lishi lozim», — deya aniqlik kiritdi Eso Sa’dullayev.

Loyiha qiymati hozircha oshkor qilingani yo‘q, chunki yakuniy qaror qabul qilinmadi hali, biroq «O‘zbekenergo» vakilining qayd etishicha, jahon tajribasi ikkita «uch plyus» zamonaviy avlod energoblokli (Fukusimodagi (Yaponiya) falokatdan so‘ng MAGATEning xavfsizlik bo‘yicha talablari hisobga olingan — tahr.) AES qurilishi 10 mlrd dollar atrofida tushadi. Moliyalashtirish manbalari Rossiya tomonidan bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.

Loyihani amalga oshirish muddatlari ham hozircha noma’lum, biroq Eso Sa’dullayevning so‘zlariga ko‘ra, odatda qurilish besh yil muddatni o‘z ichiga oladi, shundan so‘ng ikki yil davomida AES «Rosatom» va MAGATE mutaxassislari nazorati ostida ishlaydi.

«Biz istiqbolda uglevodorod yoqilg‘iga kuchli qaramlikdan qochish, barcha aholi va iqtisodiyot sohalarini arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun qadamlarni tashlamoqdamiz, 2030 yilga qadar elektr energiyasiga bo‘lgan talabning bugungi kunga qaraganda ikki barobar oshishi taxmin qilinmoqda», — dedi «O‘zbekenergo» vakili.

2017 yil dekabrida O‘zbekiston va Rossiya tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolagan edi. AES qurilishidan tashqari, milliy infratuzilmalarni yaratish va atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlashni ham ko‘zda tutadi.