O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tartib-intizom qo‘mitasi Vadim Abramovga murabbiylik faoliyatini davom ettirishga ruxsat berdi. Sal oldinroq «noto‘g‘ri fikrlar» sabab mutaxassisning litsenziyasi olib qo‘yildi.

O‘FA matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Vadim Abramov tashkilotga murabbiylik litsenziyasi qaytarilishini so‘rab murojaat qilgan. Assotsiatsiya murojaatni ko‘rib chiqib, uni qanoatlantirdi.

«Bu mutaxassis O‘zbekiston futboli rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning natijalari hurmatga loyiq. O‘z navbatida Vadim Abramov futbolchilar, murabbiylar va mutaxassislarni hurmat qilishi kerak. Murabbiylar va klublar rahbarlari bir narsani to‘g‘ri tushunishi kerak: hozirgi futbol nazoratsiz qolmaydi. Har bir harakat, har bir qaror uchun mas’ul shaxs bo‘ladi», — deyiladi assotsiatsiya xabarida.

«Balki bizning oramizda buni tushunmayotgan va barchasini o‘zi bilgandek qilayotgan odamlar bo‘lishi mumkin. Agar kimdir futbolga yomon ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lsa, unga bu yerda joy yo‘q. O‘z vazifasini mas’uliyat va professional ko‘rinishda bajara oladiganlarga bizning eshiklarimiz hamisha ochiq», — deyiladi.

Vadim Abramovning oxirgi ish joyi Farg‘onaning «Neftchi» klubi bo‘lgandi.