Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining 2-tur o‘yinlari davom etmoqda. Bugun Braziliya terma jamoasi Kosta-Rikaga qarshi maydonga chiqdi.

1-turda durang natijaga erishga braziliyaliklar bu bahsda g‘alaba qozonish uchun bor kuchini ishlatishlari tayin edi. Birinchi taym davomida bir qator hujumlar uyushtirilgan bo‘lishiga qaramay, ulardan unumli foydalanilmadi.

Ikkinchi bo‘limda hujumlar kuchaytirildi. Kosta-Rikadan kelgan futbolchilar o‘zlaridan ancha kuchli bo‘lgan Braziliyaga qarshi munosib himoyalandi. O‘z navbatida markaziy amerikaliklar darvozaboni Navasning ajoyib o‘yin ko‘rsatganini ta’kidlash joiz.

Bir vaziyatda hakam Neymarga qarshi qo‘pollik ishlatilgani uchun penalti belgilagandi. Biroq takroriy lavhani qayta ko‘rib chiqqach fikrini o‘zgartirdi va o‘yinni davom ettirish kerakligini bildirdi.

Asosiy vaqt yakunlangach zaxira hakami uchrashuvga 6 daqiqa qo‘shib berilganini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng braziliyaliklarning hujumlari yanada xavfli tus oldi va Koutino hamda Neymar tomonidan kiritilgan gollar «pentakampeonlar"ga g‘alaba keltirdi.

Braziliya — Kosta-Rika 2:0 (0:0, 2:0)

Gollar: 1:0 — 90 Koutino, 2:0 — 90 Neymar.

Braziliya — Alisson, Fagner, Tiago Silva, Miranda, Marselo, Paulino (Firmino, 68), Kazemiro, Koutino, Villian (Duglas Kosta, 46), Gabriel Jezus (Fernandino, 90), Neymar.

Kosta-Rika — Navas, Akosta, Gonsales, Duarte, Gamboa (Kalvo, 75), Borxes, Gusman (Texeda, 83), Ovedo, Venegas, Ruis, Urenya (Bolanos, 54).

Ogohlantirishlar: Neymar (81), Koutino (81), Akosta (84).