Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining 2-tur o‘yinlari davom etmoqda.

Kechagi kunning yakuniy o‘yinida Argentina terma jamoasi kutilmaganda Xorvatiyaga 0:3 hisobida yengildi.

Chempionat oldidan asosiy favoritlar qatoriga kiritilgan, to‘rt yil oldingi mundialda finalda o‘ynagan Argentina bu yil o‘ziga o‘xshamayapti. 1-turda Islandiya bilan durang o‘ynagan lotin amerikaliklar 2-turda yirik mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi.

Uchrashuvning 1-bo‘limida bir qator xavfli vaziyatlar yaratilgan bo‘lsa ham, har ikki jamoa ulardan unumli foydalana olishmadi.

53-daqiqada Argentina darvozaboni Kabalero jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Bundan unumli foydalana olgan Rebich hisobni ochdi.

Shundan so‘ng argentinaliklar hujumga zo‘r berishdi. Biroq har qancha harakat qilishmasin, natija chiqmadi. Jamoa yetakchisi Messining ham o‘yini o‘xshagani yo‘q.

Uchrashuvning 80-daqiqasida Modrich, 90-daqiqasida Rakitich to‘p kiritib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. Natijada Argentina terma jamoasining pley-offga chiqish imkoniyati keskin pasayib ketdi.
Mazkur o‘yinning o‘zbekistonlik ishqibozlar uchun ahamiyatli tomoni, uni hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshqarib bordi. Aytish mumkinki, o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olishdi.

Argentina — Xorvatiya 0:3 (0:0, 0:3)

Gollar: 0:1 — 53 Rebich, 0:2 — 80 Modrich, 0:3 — 90 Rakitich.

Argentina — Kabalero, Merkado, Otamendi, Talyafiko, Salvio (Pavon, 56), Peres (Dibala, 68), Maskerano, Akunya, Messi, Mesa, Aguero (Iguain, 54).

Xorvatiya — Subashich, Vrsalko, Lovren, Vida, Strinich, Brozovich, Rebich (Kramarich, 57), Modrich, Rakitich, Perishich (Kovachich, 82), Manjukich (Chorluka, 90).

Ogohlantirishlar: Rebich (39), Merkado (51), Manjukich (58), Vrsalko (67), Otamendi (85), Akunya (87), Chorluka (90).