Toshkentda migratsiya va fuqarolikni qayd etishning tuman bo‘limlarida aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangicha ishlash tartibini amalga tatbiq etdi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Toshkent shahar IIB xabar berdi. Bizning muxbirimiz o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Yunusobod va Shayxontohur tumanlaridagi migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limlariga bordi.

Endilikda bo‘lim boshlig‘ining shaxsan o‘zi fuqarolarni kirish joyida kutib oladi. U har doim o‘z joyida bo‘ladi — rahbarni turli tadbirlarga jalb etish mumkin emas. Ilgari hujjatlarga rezolyutsiya qo‘yishi uchun rahbarlarni navbatda anchagina kutishga to‘g‘ri kelardi.

Shayxontohur va Mirobod tumanlaridagi migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limlarida pasportni almashtirmoqchi bo‘lganlar uchun elektron navbat joriy etilgan. Murojaat etuvchiga berilgan biletda uning suratga tushish va biometrik ma’lumotlarni topshirish uchun kiradigan raqami, sanasi hamda vaqti ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limlarining binolarida zaruriy hujjatlar uchun blanklar va ularni to‘ldirish uchun namunalar taxt qilib qo‘yilgan. Ilgari fuqarolardan blank uchun pul olinardi. Blanklarni shuningdek Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona portali orqali ham yuklab olish mumkin.

Yangi pasport olish uchun arizani Davlat personallik markazi sayti (dpm.uz) orqali to‘ldirish mumkin. U yerda shuningdek arizaning holatini kuzatish va xizmatlarga haq to‘lash uchun kvitansiya olish imkoni bor. Toshkent shahar IIB migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limiga konsultatsiya olish uchun Facebook orqali murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining eski namunadagi pasporti (biometrik ma’lumotlar kiritilmagan) muomaladan chiqarilgan deb hisoblanadi va buning uchun ma’muriy javobgarlik (eng kam oylik ish haqining 0,5 barobaridan 3 barobarigacha) ko‘zda tutiladi.

26 maydan boshlab Migratsiya va fuqarolikni qayd etish boshqarmalari 8:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlarisiz ishlaydi. Salomatligi tufayli pasportini almashtirish uchun migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limiga kela olmaydigan shaxslar nomidan ishonchli kishi biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punktini mobil stansiyaga yo‘naltirish uchun ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Biz ilgari yozganimizdek, qizlar va ayollar chet elga chiqish uchun ruxsatnoma olishda migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limida suhbatdan o‘tishi shart emas. Yangi tartib hozircha faqat poytaxtda amalga tatbiq etilgan.

Toshkent shahar IIB pasport-viza tizimida keraksiz to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganib chiqmoqda. Yil oxiriga qadar migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limlarida elektron navbatlar yo‘lga qo‘yiladi.