O‘zbekiston prezidentining «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qat’iy narxlarda sotish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

Ijtimoiy dorixonalar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish ularning sotib olish qiymati yoki ulgurji narxiga 10 foiz cheklangan savdo ustamasi qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, mazkur farmonda yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalarini tan olish ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5229-son Farmonining 11-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida bir oy muddatda asosiy kasalliklarning diagnostika va davolash standartlari, klinik protokollari qayta ko‘rib chiqilishini hamda har chorakda Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi.

Farmonda dori vositalarining bojxona rasmiylashtiruviga, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va realizatsiya qilinishiga talablarni takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini tartibga soluvchi boshqa masalalar bo‘yicha takliflar kiritilishi belgilandi.

Shuningdek, Bosh prokuratura va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda qo‘llashga taqiq mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilinishi, bunday taqiqlarni joriy etishning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganishi hamda O‘zbekiston hududida ular kelgusida qo‘llanilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2018 yil 20 iyulga qadar muddatda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘yxatini tasdiqlash uchun; qonun hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritishi belgilandi.