20 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi. Kun tartibidan o‘ndan ortiq masala o‘rin oldi. Ular ichida «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi parlament quyi palatasining matbuot xizmati.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan bir guruh deputatlar tomonidan quyi palata muhokamasiga kiritilgan mazkur qonun loyihasi fuqarolarning sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalarning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga qaratilgan.

Hujjat mamlakatda tamaki chekishga bo‘lgan cheklovlarga qo‘shimcha ravishda jamoatchilik orasida kashandalikka qarshi kurashish muhitini shakllantirishning tashkiliy va huquqiy asoslarini yaratishda qo‘l keladi.

Munozaralar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishining, chilim va elektron sigaretalarni chekilishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning, shuningdek guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan kasalliklar tarqalishining oldini olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yil aprelidan boshlab O‘zbekistonda jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini (shu jumladan nosvoy ham) chekish qonunga ko‘ra taqiqlangan. Ammo buning uchun jazo belgilash chorasi faqat 2015 yilning oxirida kiritilgan. Qonunning ko‘pgina qoidalari hali ham nazorat qilinmaydi.