1 iyuldan Toshkentda sinov tariqasida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi joriy etiladi. O‘zbekiston prezidenti 19 iyun kuni Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

«O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar qilinishicha, poytaxtda yangi tizim joriy etilgach, joriy yilning birinchi besh oyi davomida jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47 foizga — 5700 tadan 3020 tagacha kamaydi. Ochilayotgan jinoyatlar soni esa 94 foizga oshdi.

Yanvar-may oylarida bosqinchilik 60 foizdan oshiqroqqa, o‘g‘irlik esa qariyb 54 foizga, firibgarlik — 40 foiz, bezorilik — 54 foiz, qasddan tanaga yengil jarohat yetkazish — 36 foiz, og‘ir tan jarohatini yetkazish — 55 foizga qisqardi.

Qarorda qayd etilishicha, xizmatni o‘tashni tashkil etish amaliyotini o‘rganish sutkaning kechki va tungi vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mavjud kuch va vositalarini taqsimlashning yetarli darajada samarali emasligini ko‘rsatdi hamda bu poytaxtda kriminogen vaziyatga tezkor ta’sir ko‘rsatish, uni nazorat qilish va baho berish imkonini bermayapti. Ushbu vaqtda huquqbuzarliklar umumiy sonining yarmidan ko‘pi, ayniqsa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar — 65 foiz qotillik, 76 foiz tanaga og‘ir jarohat yetkazish, 62 foiz bosqinchilik, 65 foiz yo‘lto‘sarlik, 52 foiz o‘g‘irlik va 77 foiz bezorilikning sodir etilayotganligi ham bundan dalolat beradi.

«Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimini tashkil etishni ko‘zda tutadi.

Ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to‘liq amalga oshiradi, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o‘n olti soat davomida ularni bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etiladi.

Huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan yetib borishini ta’minlash belgilandi.

Jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida avtomobillarda patrullik qilish aralash tartibda, ya’ni ham avtomobillarda, ham piyoda amalga oshiriladi. Patrullik qilish uchun biriktirilgan hududda jamoat tartibini buzish holatlari mavjud emasligi, ularning o‘z vaqtida oldi olinishi va ularga chek qo‘yilishi sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan jamoat tartibini ta’minlash kuchlari faoliyatini baholashning eng muhim mezonlari hisoblanadi.

Konsepsiyani amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va aloqa mobil markazlari faoliyati amaliyotga joriy etilsadi va ular ichki ishlar bo‘limlari xizmat ko‘rsatish hududlariga biriktiriladi. Buning uchun 80 dona maxsus ta’minlangan avtobus ajratiladi.

Toshkent shahrining har bir mahallasida «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlari tashkil etiladi. Ushbu guruhlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash niyatida mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar, ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi.

Jamoatchilik guruhlari tarkibiga kirish mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limlari yoki ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan yo‘llanmalar asosida amalga oshirilib, guruhlar ular faoliyat olib boradigan mahalla hududida yashovchi yoshlardan shakllantiriladi. Jamoatchilik guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha javobgarlik tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklanadi.

Jamoatchilik guruhlarining har bir a’zosi sutkaning kechki va tungi vaqtida belgilangan yo‘nalish bo‘yicha umumiy 100 soatdan kam bo‘lmagan vaqt miqdorida patrullik qilishga jalb etiladi va bu xizmatga (o‘qishga) hujjatlarni yakuniy qabul qilishga asos hisoblanadi.

1 avgustdan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga har oylik ish yakuni bo‘yicha patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yganligi, ularni aniqlaganligi yoki fosh etganligi, shuningdek, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlaganligi uchun lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi o‘rnatiladi.

Toshkent shahar tumanlari ma’muriy sudlarining shtat birliklarini qayta taqsimlash va ko‘paytirish belgilandi. Shahar bo‘ylab tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza punktlari ochiladi. Bir oy davomida transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini, jumladan, olib yuriladigan texnik vositalar orqali aniqlashning soddalashtirilgan tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Advokatlar palatasiga sutkaning kechki va tungi vaqtida protsessual harakatlarni o‘tkazishda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish tavsiya qilindi.

Toshkent shahar hokimligiga sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan hamda faoliyat yuritayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarning ovqatlanishini tashkil etish va buning uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.

2018 yilda «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.