«Qora dori — 2018» operatsiyasi jarayonida 1,5 ming kv m yer maydonida yetishtirilayotgan giyohvandlik vositasi aniqlanib, yo‘q qilindi. Olingan narkotik moddalar miqdori 243 kilogrammni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zA.

Bu jarayonda giyohvand moddalar olinadigan o‘simliklarni yetishtirayotgan, narkobiznes bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar aniqlanmoqda. Misol uchun, Xorazm viloyatida o‘tkazilgan «Qoradori -2018» tadbirida Bog‘ot tumanida yashovchi M.X. shaxsiy tomorqasida 3 ming 312 tup ko‘knori giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlandi. Boz ustiga tomorqaning bir chetiga bekitib qo‘yilgan 10 kilogramm ko‘knori giyohvandlik vositasi borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tadbirda esa Ishtixon tumanida yashovchi A.S.ning shaxsiy tomorqasida 375 tup ko‘knori giyohvandlik o‘simligi yetishtirilayotgani aniqlandi. Bu fuqaro hovlisining tom qismiga 56 kilogramm ko‘knori giyohvandlik vositasini yashirib qo‘ygani ayon bo‘ldi.

«Qoradori — 2018» tadbiri davomida Farg‘ona viloyatining Rishton va Qo‘shtepa tumanlarida vertolyot yordamida nazoratli uchishlar amalga oshirildi. Rishton tumanida yashovchi I.Sh.ning shaxsiy tomorqasida ko‘knori giyohvandlik o‘simligi yetishtirilayotgani aniqlandi. Uning omborxonasidan esa 1 kilogramm ko‘knori giyohvandlik vositasi olindi.

Tezkor ma’lumotlarga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi E.B. Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan 1 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini 7 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Navoiy va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tadbir davomida Ishtixon tumanida yashovchi D.X. Navoiy shahrida 2,5 million so‘m evaziga 18 gramm marixuana giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlandi. Uning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda 245 gramm marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

«Qoradori — 2018» tadbiri davomida olib borilgan ishlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq barcha aniqlangan holatlar jami 684 tani tashkil etdi.

Ushbu holatlar yuzasidan 550 nafar shaxs qo‘lga olindi. Tadbir davomida «Tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish holatlari» borasida so‘z borganda jami 406 holat aniqlangan bo‘lib, qariyb 1,5 ming kv.m yer maydonida giyohvandlik vositasi yetishtirilayotgani aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha olingan narkotik moddalar miqdori 243 kilogrammdan ziyodni tashkil etdi.