2018 yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmarni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Uchrashuv boshida Muhammad Hanif Atmar qurg‘oqchilikdan jabr chekkan Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilgan gumanitar yordam uchun prezident Muhammad Ashraf G‘ani nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston — Afg‘oniston va mintaqa kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Prezident maslahatchisi Afg‘onistondagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot berdi. U 2018 yil 26−27 mart kunlari Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlar uchun O‘zbekiston tomoniga tashakkur bildirdi.

Shuningdek, Afg‘oniston tomoni Tashqi ishlar vazirligining 18 iyundagi bayonotida keltirilgan tinchlik muzokaralari jarayoniga ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risidagi O‘zbekiston hukumati mavqeyini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda davlatlararo hamkorlikning jadal rivojlanishi mamnuniyat bilan ta’kidladi va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.