Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 iyun kuni Chimkentga respublika ahamiyatiga ega shahar maqomini berishni ko‘zda tutuvchi farmonni imzoladi.

«Ushbu ma’muriy birlik mamlakatimizdagi 17-hudud bo‘ladi», — dedi Nursulton Nazarboyev. Ostona va Olma Ota qatorida Chimkent ham aholisi 1 mln dan oshgan shaharlar qatoriga qo‘shildi.

Ma’muriy markazi Chimkent bo‘lgan Janubiy Qozog‘iston viloyati nomi esa Turkistonga o‘zgartirildi.

Turkiston shahri viloyatning yangi markazi bo‘ldi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, ushbu shahar uzoq asrlar davomida Qozoq xonligi va turk dunyosi siyosiy va ma’naviy hayotining yuragi bo‘lgan.