O‘zbekiston normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi — regulation.gov.uz saytida O‘zbekiston prezidentining «Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unda aytilishicha, xalq ta’limi muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy mavqeini oshirish, yanada samarali mehnat qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda xalq ta’limi muassasalari pedagog kadrlarining ijtimoiy himoyasini yanada oshirish borasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Jumladan, xalq ta’limi muassasalari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va moddiy rag‘batlantirish tizimiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani xalq ta’limi tizimiga yuqori malakali mutaxassislar va pedagog xodimlarni jalb etish, xususan xalq ta’limi boshqaruv organlarida barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirish imkonini bermayapti.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ortiqcha qog‘ozbozlik va hisobotbozlikka chek qo‘yilmaganligi pedagog xodimlarning tashabbuskorligi va mas’uliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deyiladi hujjat loyihasida.

Shuningdek, davlat organlari tomonidan xalq ta’limi muassasalariga ularning faoliyat yo‘nalishiga tegishli bo‘lmagan vazifalarning yuklatilishi umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ularning zimmasidagi birinchi darajadagi vazifalarni bajarish uchun mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish imkonini bermayapti.

Shu munosabat bilan, 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari 24 foizga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari esa 10 foizga oshiriladi.

Kelgusi o‘quv yilidan ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining pedagogik yuklamasi bekor qilinadi, ulardan ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish amaliyoti qat’iyan ta’qiqlanadi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan oliy va birinchi malaka toifasini olish uchun topshiriladigan test sinovlari uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorini ikki barobarga kamaytiriladi.

Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘larini shaffoflik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida sarflash imkonini beruvchi yangi tartib ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

Shu bilan birgarlik, eng yaxshi fan o‘qituvchilarini chet ellardagi yetakchi ta’lim muassasalariga malaka oshirish uchun qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasida Xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) hamda saylash asosida jamoat tashkilotlariga tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolar fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni ilg‘or va tashabbuskor pedagog kadrlar tarkibidan ko‘rsatishni keng joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ta’lim muassasasi va xalq ta’limi boshqaruv organlarida 5 yildan ortiq faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiy mahoratini namoyon qilayotgan, ta’lim sifatiga munosib hissa qo‘shayotgan pedagoglar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturi doirasida uy-joy sotib olishlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish rejalashtirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligiga bir oy muddatda ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining o‘quv yuklamalari bilan bog‘liq hujjatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, maqbullashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.

Ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining o‘z ustida ishlashi hamda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ta’lim-tarbiya sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi.

Pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlar uchun test sinovlari bilan birga bitta fan bloki o‘rniga ijodiy imtihon kiritiladigan ta’lim yo‘nalishlari belgilanadi.

Ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini chuqur tahlil qilgan holda pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida qabul kvotalari ko‘paytiriladi.