Ravshan Ermatov futbol bo‘yicha jahon chempionatining D guruhidan o‘rin olgan Xorvatiya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqaradi. Nijniy Novgorodda o‘tkaziladigan mazkur bahs Toshkent vaqti bilag 23:00 da boshlanadi.

Referiga qanotlarda Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov yordam beradi. Zaxira hakami sifatida Fransiya Polineziyasi vakili Norbert Gauata tanlangan.

Ravshan Ermatov JCH o‘yinlarini boshqarish bo‘yicha rekordchi sanaladi — uning hisobida bosh hakam sifatida o‘tkazilgan 9 ta o‘yin bor.

Rossiya OAV xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik hakam JCH-2018 finalini boshqarish uchun asosiy nomzodlardan biri bo‘lib turibdi. Bundan oldingi ikki chempionatda mazkur vazifa angliyalik Xovard Uebb va italiyalik Nikola Ritssoliga topshirilgandi.

Ta’kidlash o‘rinli, bu Ravshan Ermatov uchun uchinchi jahon chempionati bo‘lib, u sakkiz yil oldin 32 yoshida mundialning eng yosh hakami bo‘lgandi.

Bundan tashqari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Olim Arifov Daniya va Avstraliya terma jamoalari o‘yinda komissar sifatida ishtirok etadi.

Olim Arifov O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi bo‘lib mundialda komissar sifatida ishlaydi. U turnirning Kosta-Rika — Serbiya (0:1) bahsida ham komissarlik qilgan.

FIFA va OFKning o‘zbekistonlik instruktori Farhod Abdullayev 19 iyundagi Polsha — Senegal hamda 20 iyundagi Portugaliya — Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi bahslarda instruktorlik qiladi.