Rossiyada o‘tkazilayotgan jahon chempionatida kutilmagan natijalar davom etdi — mag‘lub bo‘lgan Germaniya ortidan Braziliya o‘zidan kuchsiz bo‘lgan Shveysariyani mag‘lub etolmadi.

O‘yin to‘liq braziliyaliklarning ustunligida o‘tdi desak aslo xato bo‘lmaydi. Ayniqsa uchrashuv oxirida «pentakampeonlar» g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirish uchun katta kuch sarfladilar.
Ta’kidlash o‘rinli, mazkur bahsda Braziliyaning asosiy yulduzi bo‘lmish Neymarning o‘yini unchalik ham qovushmadi. Balki shu omil ham yakuniy natijaga ta’sir qilgandir.

O‘yinning 20-daqiqasida Koutinoning ajoyib zarbasidan so‘ng janubiy amrikaliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. Shundan so‘ng ham bir qator yaxshi vaziyatlar bo‘lganiga qaramay, 1-taym shu hisobda yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan yevropaliklar Suberning bosh bilan yo‘llagan aniq zarbasidan so‘ng o‘rtadagi muvozanatni tiklashdi. Shundan so‘ng Braziliya terma jamoasi futbolchilari harchand oldinga tashlanishmasin, boshqa gol ura olishmadi.

Braziliya — Shveysariya 1:1 (1:0, 0:1)

Gollar: 1:0 — 20 Koutino, 1:1 — 50 Suber.
Braziliya — Alisson, Danilo, Tiago Silva, Miranda, Marselo, Paulino (Renato Augusto, 67), Kazemiro (Fernandino, 60), Koutino, Villian, Gabriel Jezus (Firmino, 79), Neymar.

Shveysariya — Zommer, Lixtshtayner (Lang, 87), Sher, Akanji, Rodriges, Behrami (Zakariya, 71), Jaka, Shakiri, Jemaili, Suber, Seferovich (Embolo, 80).
Ogohlantirishlar: Lixtshtayner (31), Kazemiro (47), Sher (65), Behrami (68).